18:10
500 so'mlik tangalar muomalaga chiqadi...
 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2011- yilning 1- sentabridan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligiga bag‘ishlangan 500 so‘m qiymatdagi yubiley tanga pullarni muomalaga chiqaradi. Tangalar nikel qotishmasi bilan qoplangan po‘latdan tayyorlangan, rangi oq. Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahri markazida qad ko‘targan "Xalqaro anjumanlar saroyi” binosi tasvirlangan. Tasvirning pastki qismida tanganing qiymati "500” raqami yozilgan. Raqamning tagida lotin bosma harflari bilan "so‘m” so‘zi yozilgan. Raqam va so‘z botiq holda tasvirlangan. Tanganing tashqi qirrasi bo‘ylab bosma lotin harflari bilan "O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIGIGA 20 YIL” so‘zlari aylanasimon ko‘rinishda yozilgan. So‘zning boshi va oxirini bo‘rtib chiqqan nuqta chegaralagan. Tanganing orqa tarafi (revers) markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi qirrasi bo‘ylab bosma lotin harflari bilan "O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI” so‘zlari aylanasimon ko‘rinishda yozilgan. Gerb tagining markaziy qismida tanganing ishlab chiqarilgan yili bo‘rtib chiqqan ikki nuqta bilan chegaralangan "2011” raqami ko‘rsatilgan. Tangalarning orqa tomonida gerbning tashqi aylanasi bo‘ylab 72 dona bo‘rtib chiqqan sferik nuqtalar joylashtirilgan. Tangalarning yon qirrasi silliq. Tanganing diametri – 25,0 mm, qalinligi – 1,6 mm, og‘irligi – 6,0 gr. Muomalada yurgan banknotlar va tangalar qatorida muomalaga chiqarilayotgan ushbu 500 so‘m qiymatidagi tangalar barcha xo‘jalik subyektlari va aholi tomonidan hech qanday cheklanmagan holda yozilgan qiymati bo‘yicha barcha to‘lovlar uchun qabul qilinishi shart.
Категория: Yangiliklar | Просмотров: 1717 | Добавил: Alijon | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
avatar